BUXORO IXTISOSLASHTIRILGAN JAYRON PITOMNIGI. Buxoro tumani hududida, Buxoro-Qarshi avtomobil yoְ‘li yoqasida joylashgan. 1977 yilda faoliyatini boshlagan ushbu pitomnikning umumiy maydoni 16516 gektardan iborat. Mazkur maskan Janubiy-Gʼarbiy Qizilqum choʼlining hayvonot va oʼsimlik dunyosini muhofaza qilish va uning tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida tashkil etilgan. “Jayron” pitomnigining vazifasi noyob va yoʼqolib borayotgan hayvon turlarini tabiatdagi sonini qayta tiklash, koʼpaytirish va ularni biologiyasini oʼrganish hisoblanadi. Buxoro ixtisoslashgan “Jayron” pitomnigi – Qizilqum choʼlining “durdonasi” hisoblanib, O‘zbekistondagi eng muhim ekoturistik maskanlardan biridir. Pitomnikga tashrif buyurgan sayohatchilar Qizilqum choʼlining tabiati, oʼsimlik va hayvonot dunyosi bilan bevosita tanishishadilar. Shuningdek, “Jayron” pitomnigi hududidagi noyob hayvonlar jayron, Buxoro bug‘usi (Xongul), Turkman quloni, Prjevalskiy otlari, Buxoro tog‘ qo‘yi kabilarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Pitomnik ilmiy xodimlari hududda hayvonlardan, jumladan, sut emizuvchilarning 32, qushlarning 250 dan ortiq, sudralib yuruvchilarning 18, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2, baliqlarning 8 turi hamda umurtqasizlarning 700 dan ortiq turi uchrashini oʼrganishgan. Bundan tashqari, pitomnik hududida oʼsimliklarning 250 dan ortiq turi yil davomida hayotiy shakli va yil mavsumiga bogʼliq holda oʼsishi aniqlangan.